IIV akademiyasida iste’fodagi ofitserlar va yoshlar ishtirokida “Uch avlod uchrashuvi” ma’naviy-ma’rifiy tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda mudofaa va huquqni muhofaza qiluvchi organlar tizimida xizmat qilgan faxriylar, ixtisoslashgan maktablarda ta’lim olayotgan o‘quvchilar hamda turdosh oliy ta’lim muassasalari kursantlari qatnashdi.
So‘zga chiqqanlar ko‘p yillik tajribalari misolida Vatanni sevish, yurt tinchligi va osoyishtaligi yo‘lida xizmat qilish, daxldorlik hissi bilan yashash, kasbni ardoqlash fazilatlari haqida to‘xtalib, yoshlarni puxta bilim olishga, har qanday sharoitda ham qiyinchilikdan qochmaslikka, doimo mas’uliyatli va fidoyi bo‘lishga undadilar.
Ochiq muloqot ruhida o‘tgan uchrashuv faxriylarning yoshlik onlaridan hikoya qiluvchi xotiralari, xizmatda erishgan yutuqlari, mamlakatimizda kechayotgan ulkan o‘zgarishlar va yosh avlod vakillari uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida bildirgan mulohazalari bilan davom etdi.
Tadbir so‘nggida iqtidorli yoshlar qo‘shiq va she’rlari bilan ona Vatanimizni madh qildi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati