Diqqat! Sayt sinov rejimida
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

Jinoyatchilikning oldini olishdagi ilg‘or tajribalar muhokama markazida bo‘ldi

30 Noyabr 2023, 09:11

379

Ichki ishlar vazirligi akademiyasida “Jinoyatchilikning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasidagi ilg‘or tajribalar” mavzuida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Anjuman O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati, vazirlik va idoralar vakillari, shuningdek yurtimiz va xorijning bir qator yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Akademiya boshlig‘ining o‘rinbosari, polkovnik Ruftullo Nigmatov ilmiy-amaliy anjumanning maqsad va vazifalariga to‘xtalib, bugungi globallashuv sharoitida terrorizm, ekstremizm va giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasi, jinoiy yo‘l bilan topilgan mulklarni legallashtirish, korrupsiya, odam savdosi va kiberjinoyatchilik kabi jinoyatlar davlatlar va butun insoniyatning xavfsizligiga tahdid solayotgani davlatlarning bu sohadagi hamkorligini yanada kengaytirish zaruratini keltirib chiqarayotganiga e’tibor qaratdi.

Onlayn va oflayn formatda tashkil etilgan mazkur anjumanda, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) Raxmonova Surayyo Maxmudovna, so‘z olib, mamlakatimizda voyaga yetmaganlar (bolalar)ga nisbatan zo‘ravonlikning turli ko‘rinishlariga qarshi kurashishning huquqiy mexanizmlari to‘g‘risida to‘xtalib o‘tdi. Asosiy ma’ruzachilar qatorida Rossiya Federatsiyasi, Turkiya, Tojikiston, Qozog‘iston va Qirg‘iz Respublikasi hamda O‘zbekiston huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari, ta’lim muassasalari vakillarining ma’ruzalari tinglandi.

Kunning ikkinchi yarmida xalqaro anjuman ishi sessiyalarga bo‘lingan holda davom ettirildi. Xalqaro va mahalliy ekspertlar tomonidan “Xalqaro jinoyat qonunchiligi – transmilliy jinoyatchilikka qarshi kurashishning vositasi sifatida”, “Yuridik shaxslarning jinoiy javobgarligi: nazariy-huquqiy tartibga solish va huquqni qo‘llash amaliyoti masalalari”, “Jamoat tartibi va xavfsizligini ta’minlashda sun’iy intellektdan foydalanish”, “IIOlarining terrorizmga qarshi kurashish faoliyatining dolzarb yo‘nalishlari”, “Maishiy zo‘ravonlikni oldini olishning psixologik va huquqiy jihatlari”, “Kiber jinoyatchilikning turlari va uning oldini olish masalalari” kabi mavzular doirasida fikr-mulohazalar bildirildi.

Jinoyatchilikning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasidagi ilg‘or tajribalariga qaratilgan qator taklif hamda tavsiyalar ishlab chiqildi. Bu borada konferensiya yakunlariga bag‘ishlangan ilmiy maqolalar to‘plamini chop etishga kelishib olindi.

IIV Akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech