Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

Kriminogen omillarning oldini olish – dolzarb vazifa

17 Oktyabr 2025, 09:10

62

Bugungi kunda mahallalarni obod qilish, “mahalla yettiligi” tizimining ish samaradorligini oshirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Kuni kecha muhtaram Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ham bu borada qator vazifalar belgilab berildi.

Chirchiq shahridagi “Hamza” mahallasida 4 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi. Keyingi paytlarda mahalla hududida oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlardan o‘g‘irlik, qasddan badanga shikast yetkazish va boshqalar ko‘p qayd etilgan. Oqibatda, mahalla “qizil” toifadagi hududga tushib qolgan.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 18-avgustdagi PQ-253-son qarori bilan mazkur mahalla IIV akademiyasiga biriktirildi. Hozirda tajribali profesor-o‘qituvchilar tomonidan mahallaning kriminogen vaziyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan omillarni ilmiy yondashuvlar asosida o‘rganish va ularni bartaraf etishga qaratilgan keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Akademiya boshlig‘i Rustam Xatamov bu boradagi ishlar bilan yaqindan tanishish maqsadida ushbu mahallada bo‘ldi. Toshkent viloyati IIBB rahbarlari, mas’ullar va “yettilik” vakillari bilan muloqot chog‘ida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishda erishilayotgan natijalar va yechimini kutayotgan masalalar muhokama qilindi.

Aytish joizki, o‘tgan qisqa vaqt ichida mahalla hududida 6 marotaba profilaktik, 24 marotaba targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi. Aholi ishtirokida 5 marotaba jinoyatchilik muhokamalari tashkil qilindi. Huquqbuzarlik sodir etilishi mumkin bo‘lgan hududlarga 27 ta turli xildagi zamonaviy kamera, 12 ta tashvish tugmasi o‘rnatilib, 19 ta obyekt texnik qo‘riqlovga olindi. Bundan tashqari, korxona va tashkilotlar bilan hamkorlikda mehnat yarmarkasi tashkil qilinib, doimiy band bo‘lmagan shaxslar bo‘sh ish o‘rinlariga yo‘naltirildi.

Akademiya boshlig‘i ko‘rilayotgan choralar ko‘zlangan natija berishi, eng muhimi, mahalla osoyishtaligi va farovonligiga xizmat qilishi kerakligini ta’kidladi. Jinoyatchilikni jilovlashda hamma jon kuydirishi, “mahalla yettiligi” vakillari odamlarni tashvishga solayotgan muammolarni aniqlab, ishni hamjihatlikda tashkil etishi zarurligi aytib o‘tildi.

Shu kuni “jinoyat o‘choq”lariga qo‘shimcha kuch-vositalarni jalb qilish, ijtimoiy profilaktika obyektlari bilan samarali ishlash, aholi gavjum joylar, xonadonlar, savdo majmualarini qo‘riqlovga olish, xavfsiz ko‘cha va uylarni tashkil qilish borasidagi ishlarni jadallashtirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi. Faoliyatida kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan “yettilik” xodimlari tanqid qilinib, qat’iy ogohlantirildi.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech