IIV akademiyasi boshlig‘i Rustam Xatamov Buxoro viloyatining kriminogen vaziyati murakkab mahallalarida bo‘ldi.
Ishchi guruh tomonidan Buxoro shahridagi “Sadriddin Ayniy”, “Ahmad Donish”, “Nizomiy Ganjaviy”, “Shayx-ul olam” hamda G‘ijduvon tumanidagi “Pomo‘za” mahallalarida jinoyatchilikni jilovlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganildi.
Aytish joizki, Prezidentimizning joriy yil 18-avgustdagi PQ-253-son qarori bilan mazkur mahallalarga tajribali professor-o‘qituvchilar jalb qilindi. Kriminogen vaziyatga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan omillar ilmiy-amaliy yondashuv asosida o‘rganilib, ularni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqildi.
Natijada, shu kunga qadar mahallalarda 14 ta xavfsiz ko‘cha, 34 ta xavfsiz uy tashkil qilindi. Huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish maqsadida hududlarga 130 ta tashvish tugmasi, 891 ta zamonaviy kamera o‘rnatilib, 3600 dan ziyod obнekt texnik qo‘riqlovga olindi. Aholining huquqiy mas’uliyatini oshirishga qaratilgan profilaktika va targ‘ibot tadbirlari hamda 13 marotaba jinoyatchilik muhokamasi o‘tkazildi. Muhimi, bu boradagi ishlar ijobiy natija ko‘rsatmoqda.
Manzilli o‘rganishlar chog‘ida akademiya boshlig‘i mas’ullar va “mahalla yettiligi” vakillari bilan birma-bir muloqot qildi. Hududlarga joriy qilingan tajribalar, erishilayotgan natijalar va kelgusidagi vazifalar bo‘yicha taqdimotlar bilan tanishdi. Faollarning takliflarini tinglab, kriminogen omillarni bartaraf etish, ayniqsa ko‘p sodir etilayotgan jinoyatlarning barvaqt oldini olish borasida tavsiyalar berdi.
Ayrim hududlarga qo‘shimcha kuch va vositalarni jalb qilish, aholi gavjum joylar va jinoyat qayd etilishi mumkin bo‘lgan nuqtalarda xavfsizlik choralarini kuchaytirish, mahallalarning infratuzilma sharoitini yaxshilash, odamlarning ijtimoiy muammolarni hal qilish zarurligi qayd etildi.
Xizmat safari davomida viloyat Ichki ishlar boshqarmasida tegishli sohaviy xizmat rahbarlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilib, mahallalarda xavfsiz muhit yaratish va jinoyatlarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini oshirish borasidagi dolzarb vazifalar muhokama qilindi. Shuningdek akademiyani tamomlagan yosh kadrlar faoliyati tahlil qilinib, ta’lim va amaliyot uzviyligini ta’minlashda e’tibor qaratilishi zarur bo‘lgan jihatlar yuzasidan fikr almashildi.
Akademiya boshlig‘i akademik litseydagi o‘quv jarayonlari va shart-sharoitlar bilan ham tanishdi. Jamoa bilan uchrashuvda tizim uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlashga qaratilgan izchil islohotlar, akademiyada yo‘lga qo‘yilgan ilg‘or yondashuvlar, litseylarda ta’lim sifatini oshirish, yoshlarni yuksak vatanpavarlik ruhida tarbiyalash masalalariga e’tibor qaratildi. Shu kuni yutuqlarga erishayotgan bir guruh faol o‘qituvchi va o‘quvchilar rag‘batlantirildi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati