IIV akademiyasi xodimlari uchun poytaxtimizdagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyida ma’naviyat va ma’rifat darsi tashkil qilindi.
Tadbirda muzey rahbari, tarix fanlari doktori, professor Baxtiyor Hasanov so‘zga chiqib, qatag‘on qurbonlari hayoti va faoliyatini o‘rganish, ularning xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ezgu ishlarga to‘xtaldi.
Ta’kidlab o‘tilganidek, 1937−1953-yillarda 100 mingdan ortiq o‘zbekistonliklar siyosiy qatag‘on qurboni bo‘lgan, 13 ming nafari otib tashlangan, minglab kishilar nohaq quloq qilingan, surgunlarga jo‘natilgan. Ular orasida atoqli davlat va siyosat arboblari, olim va ziyolilar, harbiy soha va sud-huquq tizimi xodimlari, ishchi-dehqonlar va ularning oila a’zolari bo‘lgan.
Mustaqilikka erishganimizdan so‘ng tarixiy haqiqatni qaror toptirish, yurtimiz istiqloli va ozodligi yo‘lida qatag‘on bo‘lgan yurtdoshlarimiz nomini tiklash, ularning hayoti va faoliyatini o‘rganish borasida keng qamrovli ishlar olib borilmoqda.
Tadbirda Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi tomonidan ayni yo‘nalishda olib borilayotgan tadqiqotlar, muzey fondini boyitish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi. Shundan so‘ng xodimlar muzey faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
Zero, ona yurtimiz istiqloli uchun jonini fido qilgan vatandoshlarimiz haqidagi haqiqatni bilish va kelgusi avlodlarga yetkazish har birimiz uchun insoniy burchdir.
IIV akademiyasi Axborot xizmati