Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

Muammolar “mahallabay” o‘rganilmoqda

29 Noyabr 2023, 09:11

819

IIV Akademiyasi tomonidan mahallalarning kriminogen vaziyatini o‘rganish va yaxshilashga qaratilgan o‘rganishlar izchil davom ettirilmoqda.

Shu kunlarda ta’lim muassasasi rahbari Rustam Xatamov boshchiligidagi tajribali professor-o‘qituvchilar Qashqadaryo viloyatiga jalb qilingan. “Mahallabay” tizim asosida olib borilayotgan o‘rganishlar davomida hududlar, ayniqsa “qizil” toifadagi mahallalar ahvoli, sodir etilgan jinoyatlarning sabab va shart-sharoitlari, o‘ziga xos xususiyatlari ilmiy-amaliy yondashuvlar asosida tahlil qilinmoqda.

Xususan, Qarshi tumanining “O‘zbekiston mustaqilligi”, “Ravot”, “Qovchin”, Kasbi tumanining “Mug‘lon”, “G‘alaba” hamda Qarshi shahridagi “Mahallot”, “Tabassum”, “Qarliqxona”, “Amir Temur”, “Geolog”, “Naxshob”, “Batosh”, “Ravoq”, “G‘afur G‘ulom”, “Shodlik” mahallalarida bo‘lib o‘tgan uchrashuvlar ko‘plab masalalarga oydinlik kiritdi. Muloqot chog‘ida jinoyatchilikni jilovlash, aholi bilan manzilli ishlash va ijtimoiy profilaktika yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi. Mahallar faollari, “yettilik” a’zolarining fikrlari tinglandi. Huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, kriminogen vaziyatga ta’sir ko‘rsatayotgan omillarni barataf etish va yechimini kutayotgan boshqa muammolar yuzasidan mas’ullarga tavsiyalar berildi.

Ishchi guruhning viloyatdagi safari davomida tuman (shahar) ichki ishlar organlari boshliqlari o‘rinbosarlari uchun o‘quv mashg‘ulotlari ham o‘tkazilmoqda. Unda tizim faoliyatini  xalqchil tamoyillar asosida tashkil etish va boshqarish bo‘yicha rahbarlarga qo‘yilgan dolzarb talablar, jinoyatchilikni jilovlashning samarali mexanizmlari yetkazilmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, “mahallabay” tizim asosida amalga oshirilayotgan o‘rganishlar hududlarning kriminogen vaziyatini yaxshilashga, eng muhimi, xalq bilan ochiq muloqot qilishga imkon bermoqda.

IIV Akademiyasi Axborot xizmati 

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech