Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili magistratura tinglovchilariga mashg‘ulot o‘tdi

29 May 2024, 08:05

247

Ichki ishlar vazirligi akademiyasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Feruza Eshmatova ishtirokida mashg‘ulot tashkil etildi.

Unda Ombudsman institutining asosiy faoliyat yo‘nalishlari, mamlakatimizda inson huquqlarini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli ishlar xususida so‘z bordi.

Feruza Eshmatova MDH miqyosda birinchilardan bo‘lib O‘zbekistonda joriy qilingan ushbu institut hozirda nufuzli xalqaro tashkilotlarning to‘laqonli a’zosi ekanligiga urg‘u berdi. Keyingi yillarda mamlakatimizda inson huquqlari va erkinliklari oliy qadriyat sifatida e’tirof etilib, sohada izchil islohotlar amalga oshirilayotgani, yangilangan Konstitutsiyamizda Ombudsman institutining vakolatlari yanada kengaygani ta’kidlandi. Tub o‘zgarishlar natijasida institut fuqarolar huquqlarini kafolatlashda davlat va jamiyat o‘rtasida o‘ziga xos ko‘prikka aylangani qayd etildi.

Davra suhbatida Ombudsman va uning mintaqaviy vakillari tomonidan aholi murojaatlari bilan ishlash borasidagi ishlar haqida ma’lumot berildi. Jamiyatda inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan islohotlar barcha sohalar qatori, ichki ishlar organlari xodimlaridan faoliyatni xalqchil mexanizmlar asosida tashkil qilishni taqozo etayotgani aytib o‘tildi. Bu borada yechimini kutayotgan ayrim masalalar, tizim rahbarlari oldida turgan ustuvor talab va vazifalar yuzasidan tavsiyalar bildirildi.

Shu kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili akademiya rahbari Rustam Xatamov bilan muloqot qildi. Uchrashuvda o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari yuzasidan fikr almashildi. Ichki ishlar organlari tizimida aholi bilan yaqin hamkorlikda ishlashga yo‘naltirilgan yangi tizim amaliyotga tatbiq qilingani, tizimning quyi bo‘g‘inlari faoliyatini yanada takomillashtirish muhim ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi. Tomonlar Ombudsman instituti bilan hamkorlikda ta’lim oluvchilar va amaliyot xodimlari uchun dolzarb yo‘nalishlarda o‘quv kurslari tashkil etishga kelishib oldilar.

Uchrashuv so‘nggida Feruza Eshmatova zamonaviy ta’lim jarayonlari, soha uchun boshqaruv kadrlarini tayyorlashning o‘ziga xos yondashuvlariga ijobiy baho berdi.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech