Biz uchun ustozlarimiz qanchalik tabarruk bo‘lsa, ta’lim olgan maskanimiz ham shunchalik qadrli. Shundan bo‘lsa kerak, yillar o‘tsa-da, hayot saboqlarini olgan dargohni aslo unutmaymiz...
Ichki ishlar vazirligi akademiyasi ushbu maskanda ta’lim olgan, el-yurt osoyishtaligi yo‘lida xizmat qilgan va ayni paytda o‘z burchini sharaf bilan o‘tayotgan har bir inson uchun ana shunday dargoh sanaladi.
Shonli tarixga ega maskanda o‘tgan yillar mobaynida ezgu an’analar shakllandi. Akademiya yetuk salohiyatli kadrlar tayyorlaydigan, yosh avlodni yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlar egasi etib tarbiyalaydigan vatanparvarlik maktabiga aylandi.
Kuni kecha o‘quv dargohi bitiruvchilari o‘zlari uchun qadrdon maskanda yig‘ildilar. Yigirma yil oldingi xotiralarni yodga solgan tadbir qiziqarli taassurotlarga boy bo‘ldi.
Bitiruvchilar saf maydonidan tantanali marsh bilan o‘tib, navqiron damlari o‘tgan o‘quv binolarida bo‘ldilar. Ustozlari bilan hamsuhbat bo‘lib, o‘tgan yillar mobaynida erishgan yutuqlarini so‘zlab berdilar. Olgan saboqlari, hayotiy tajriba va o‘gitlari uchun ularga minnatdorlik izhor qildilar.
Ma’naviyat va ma’rifat markazida badiiy havaskorlik jamoalari tomonidan namoyish etilgan qiziqarli sahna ko‘rinishlari, hazil-mutoyibalar, jo‘shqin kuy-qo‘shiqlar barchaga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi. Ayniqsa kursantlar oshxonasidagi tushlik bitiruvchilar uchun kutilmagan tuhfa bo‘ldi.
– Men shunday ulug‘ dargohda o‘qiganimdan doimo faxrlanaman. Chunki, ushbu maskan bizni chinakam inson etib tarbiyaladi, hayotda o‘z o‘rnimizni topishimizda mustahkam tayanch bo‘ldi. Bir jihatni aytishim joiz: akademiyaga qadam qo‘yganimizga 24 yil bo‘lganiga qaramay, hali ham kursdoshlar ahil-inoqmiz, bir-birimizni yo‘qlab turamiz. Buning zamirida ustozlarimiz bergan tarbiya, qalbimizga muhrlagan mehr-oqibat tuyg‘ulari bor, – deydi podpolkovnik Mehriddin Eshnazarov.
Shu kuni bitiruvchilar akademiya bo‘ylab sayohat qildilar. Ta’lim jarayonidagi yangilanishlar, kursant-tinglovchilar uchun yaratilgan zamonaviy sharoitlar bilan tanishib, sohadagi ulkan islohotlar samarasiga guvoh bo‘ldilar. Hayotdan erta ko‘z yumgan safdoshlari, marhum ustozlarini xotirlab, yosh avlod vakillariga o‘z maslahatlarini ulashdilar.
IIV akademiyasi Axborot xizmati