11-12-aprel kunlari Turkiyaning Izmir shahrida turkiy tilli davlatlar vakillari ishtirokida xalqaro simpozium bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Turkmaniston, Qirg‘iz Respublikalari Ichki ishlar vazirliklari tasarrufidagi ta’lim muassasalari vakillari, ekspert va olimlar mutaxassislar qatnashdi.
Anjumanda dunyoda kechayotgan geosiyosiy o‘zgarishlar fonida xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash, zamonaviy tahdid va xatarlarga qarshi kurashishda sa’y-harakatlarni birlashtirish, ko‘p asrlik aloqalar, umumiy qadriyatlar va strategik manfaatlar asosida hamkorlikni rivojlantirish masalalariga e’tibor qaratildi.
Ishtirokchilar turkiy tilli davlatlar o‘rtasidagi aloqalar izchil ravnaq topayotgan hozirgi sharoitda ta’lim sohasida hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun kadrlar tayyorlashning ilg‘or yondashuvlarini amaliyotga joriy qilish, o‘zaro tajriba almashinuvini kengaytirish muhim ahamiyat kasb etayotganini qayd etdilar.
Simpozium doirasida hamkorlik aloqalarining bugungi holati va istiqbollari atroflicha muhokama qilindi. Dolzarb mavzuda ma’ruzalar tinglanib, turdosh oliy ta’lim muassasalari, xususan, IIV akademiyasida yo‘lga qo‘yilgan milliy tajribalar taqdimot qilindi. Shu bilan birga, kelgusidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab beruvchi vazifalar belgilab olindi.
Anjuman ishtirokchilari xalqaro simpozium ko‘p qirrali aloqalarni mustahkamlash yo‘lida muhim qadam bo‘lganini e’tirof etib, Turkiy davlatlar politsiya akademiyalari platformasi – “TÜRKPAP”ni ta’sis etish tashabbusini ilgari surdilar.
IIV akademiyasi Axborot xizmati