Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
O'z Ўзб Рус En

Yangiliklar

Vatan yo‘lidagi jasorat hech qachon unutilmaydi

8 May 2026, 22:39

43

El-yurt osoyishtaligi uchun aziz jonini fido qilgan insonlar yodi hamisha barhayot. Yillar o‘tsa-da, ular ko‘rsatgan matonat va jasorat namunalari bo‘lg‘usi avlodlarga ibrat bo‘lib qolaveradi...

Ichki ishlar vazirligi akademiyasida sharafli burchini o‘tash chog‘ida mardlarcha halok bo‘lgan xodimlarning yorqin xotirasiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda ichki ishlar organlari tizimi faxriylari, marhumlarning oila a’zolari, professor-o‘qituvchilar, kursantlar, akademik litsey va ixtisoslashtirilgan maktab-internat o‘quvchilari ishtirok etdi.

Tadbir avvalida akademiya boshlig‘i Rustam Xatamov so‘z olib, ichki ishlar organlarida xizmat qilishning sharafli va mas’uliyatli jihatlariga alohida to‘xtalib o‘tdi. Har bir inson, avvalo, ona Vatani oldidagi mas’uliyatini chuqur his qilishi, yurt himoyasi uchun doimo shay turishi, qayerda bo‘lmasin, yuksak daxldorlik va fidoyilik hissi bilan yashashi lozimligini qayd etdi.

Xotira kechasida milliy davlatchiligimizni mustahkamlash yo‘lidagi mashaqqatlar, mustaqillik yillari respublikamizning turli hududlarida sodir etilgan qo‘poruvchilik harakatlari, osuda hayotimizga ko‘z tikkan g‘araz niyatli kimsalarga qarshi mardonavor kurashgan ichki ishlar organlari xodimlarining umr yo‘li va ibratli fazilatlari yodga olindi.

Iste’fodagi general-mayorlar Tohir Mullajonov va Mirsamad Adilov so‘zga chiqib, o‘tgan yillar mobaynida taqdir chorrahasida tutashgan va yelkama-yelka xizmat qilgan marhum hamkasblari haqida samimiy xotiralarini bo‘lishdilar.

– Akademiya ostonasiga qadam qo‘yishim bilan, yuragimni bir his chulg‘adi. Rahmatli akamning ushbu dargohda o‘tkazgan yoshlik onlari, “leytenant”lik unvonini olgan baxtiyor kunlari, ko‘rkam formada mag‘rur yurishlari ko‘z oldimga keldi. Afsuski, bevaqt o‘lim ularni oramizdan juda erta olib ketdi. Akamdan yaxshi nom, jasoratga to‘la xotira qoldi, – deydi surxondaryolik marhum Ahmad Qurbonovning ukasi Asror Qurbonov.

Tadbir davomida akademiya rahbariyatining tashabbusi bilan chop etilgan “So‘nmas jasorat” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Toshkent militsiya maktablari va Ichki ishlar vazirligi akademiyasini tamomlab, xizmat paytida halok bo‘lgan hamkasblarimizning umr yo‘liga bag‘ishlangan xotira kitobi xayrli ishlarning amaliy ifodasi bo‘lgani e’tirof etildi.

Tadbirda Vatan oldidagi burchini ado etish chog‘ida qahramonlik ko‘rsatgan o‘g‘lonlarimizni hamisha yod etish, ularning oila a’zolari va farzandlariga har tomonlama g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, mardligi va jasoratini bugungi avlodga yetkazish, o‘sib kelayotgan yoshlarni ana shunday vatanparvarlik ruhida tarbiyalash bugunning dolzarb vazifasi ekanligi aytib o‘tildi.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech