Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

Xalqaro forum: o‘zbekistonlik yoshlar eng ilg‘or bo‘lishdi

15 Aprel 2024, 09:04

408

Joriy yilning 10–12-aprel kunlari Barnaul yuridik institutida xalqaro yoshlar forumi bo‘lib o‘tdi.

Anjumanda Rossiya Federatsiyasi, Belarus, O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston Respublikalari Ichki ishlar vazirliklari tasarrufidagi oliy ta’lim muassasalaridan kursant hamda talaba yoshlar, olimlar, tadqiqotchi va mutaxassislar ishtirok etdi.

Forum doirasida dolzarb mavzularga bag‘ishlangan anjuman, munozara va davra suhbatlari, viktorina va tanlovlar o‘tkazildi. MDH davlatlari yoshlari huquqni qo‘llash amaliyoti istiqbollari, mavjud muammolar va ularning yechimlari yuzasidan o‘zaro fikr almashish, ilg‘or taklif va tashabbuslar, innovatsion tajribalar bilan o‘rtoqlashish imkoniga ega bo‘lishdi.

Aytish joizki, xalqaro forumda Ichki ishlar vazirligi akademiyasi kursantlari ham faol qatnashdilar. Bilimli va zukko yoshlarimizning chiqishlari xorijlik mutaxassislar tomonidan yuqori baholandi.

Jumladan, iqtidorli kursantlarimiz Anvar Hasanovning “Kriptoaktivlar sohasidagi jinoyatlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasida huquqni qo‘llash amaliyoti”, Samira Sirayevaning “Axborot-kommunikatsion texnologiyalardan foydalangan holda sodir etilgan jinoyatlarni tergov qilishning o‘ziga xos xususiyatlari”, Muhammadrizo Numanovning “Sudlanganlarni axloqan tuzatish: dolzarb muammolar”, Javlonbek Tohirjonovning “Sud ekspertizalarini o‘tkazishda shaxsning genom ma’lumotlaridan foydalanish amaliyoti” mavzuidagi ma’ruzalari turli darajadagi diplomlarga sazovor bo‘ldi.

Forum doirasida “Jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini ta’minlash” mavzusida xalqaro tanlov o‘tkazilib, unda yoshlar xorijiy tilda tayyorlagan multimediali taqdimotlari bilan qatnashdilar. Yakunda kursantimiz Anvar Hasanov “Jamoat tartibini saqlash bo‘yicha xorijiy tajribasi” nominatsiyasida birinchi, Javlonbek Tohirjonov esa “Tadqiqotning amaliy natijasi uchun” nominatsiyasida uchinchi darajali diplomlar bilan taqdirlandi.

Shuningdek xalqaro anjuman yoshlari uchun esselar tanlovi uyushtirildi. Kursantlarimiz qiziqarli ruhda o‘tgan tanlovning “Noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish”, “Odam savdosining oldini olish”, “Migratsiya siyosati muammolari” nominatsiyalarida ikkinchi hamda uchinchi darajali diplomlarga sazovor bo‘lishdi.

Bundan tashqari, akademiyamizning “Yosh yuristlar” jamoasi “Tergov-tezkor guruhi hodisa joyida!” viktorinasida faxrli birinchi, “Taktik harakat” viktorinasida esa uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, umumiy natijalarga ko‘ra yakunda “Xalqaro hamkorlik uchun” kubogi bilan taqdirlandilar.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech