
IIV akademiyasi huzurida “Kiberxavfsizlikni huquqiy ta’minlash” ixtisosligi bo‘yicha ilmiy darajalar beruvchi kengash tashkil etildi.
Bu boradagi vazifalar davlatimiz rahbarining 2025-yil 22-yanvardagi “Raqamli texnologiyalar vositasida sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish sohasi uchun professional kadrlar tayyorlash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida nazarda tutilgan edi.
Endilikda kengashga “12.00.02 – Konstitutsiyaviy huquq. Ma’muriy huquq. Moliya va bojxona huquqi”, “12.00.08 – Jinoyat huquqi. Jinoyat-ijroiya huquqi”, “12.00.09 – Jinoyat protsessi. Kriminalistika, tezkor-qidiruv huquq va sud ekspertizasi”, “12.00.14 – Huquqbuzarliklar profilaktikasi. Jamoat xavfsizligini ta’minlash. Probatsiya faoliyati” hamda “12.00.16 – Kiberxavfsizlikni huquqiy ta’minlash” ixtisosliklari bo‘yicha dissertatsiya himoyalarini o‘tkazish ruxsati berildi.
Fan doktori (DSc) va falsafa doktori (PhD) ilmiy darajalarini beruvchi mazkur kengash ilmiy tadqiqotlar salmog‘ini oshirish hamda yuqori malakali ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlashga xizmat qilishi, shubhasiz.
IIV akademiyasi Axborot xizmati