Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

Dual ta’lim: malakali kadr tayyorlashning muhim bosqichi

24 Dekabr 2025, 02:12

65

IIV akademiyasida dual ta’limning keng joriy qilingani ijobiy samara bermoqda.

Yangi tizim asosida Toshkent shahridagi ichki ishlar organlari bilan hamkorlikning yo‘lga qo‘yilgani kursantlarning nazariy bilimini amaliy ko‘nikmalar yordamida mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Akademiya boshlig‘i amaliyot jarayonlari bilan tanishish maqsadida Olmazor tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasida bo‘ldi.

Hozirda mazkur tumanda kunduzgi ta’limning 2 va 3-o‘quv kursidan 150 nafarga yaqin kursant tegishli mutaxassislik bo‘yicha amaliyot o‘tamoqda. Ularga tajribali murabbiylar biriktirilgan bo‘lib, mashg‘ulotlar paytida kasbiy bilimlarni amaliyotda qo‘llash ko‘nikmalarini shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Ma’lumki, dual ta’limning asosiy maqsadi nazariya va amaliyotni uzviy holda tashkil etish sanaladi. Akademiyada yo‘lga qo‘yilgan tizimning o‘ziga xos xususiyatlaridan biri shundaki, bunda kursantlar amaliyot bilan birga, kasbiy moslashish jarayonlarini ham o‘tamoqda. Bu esa vaqtni samarali taqsimlash, yuklatilgan vazifalarni o‘z vaqtida bajarish, nostandart vaziyatlarda o‘zini o‘zi boshqarish, to‘g‘ri qaror qabul qilish, ruhiy barqarorlikni namoyon etish, muloqotga kirishuvchanlik kabi omillarda namoyon bo‘lmoqda.

Tanishuv chog‘ida akademiya boshlig‘i sohaviy xizmat rahbarlari bilan suhbatlashib, amaliyotning qay tarzda tashkil etilayotgani, “murabbiy – xodim yordamchisi” mexanizmining samaradorligi, kursantlarga yaratilgan sharoitlar bilan qiziqdi. Mas’ullarga tizim imkoniyatlarini oshirish yuzasidan tavsiyalar berdi.

Shuningdek muloqot davomida kriminogen vaziyat bilan bog‘liq masalalar ham muhokama qilindi. Jamoat tartibini saqlashga jalb qilinayotgan xodim va kursantlar xizmatni mas’uliyat bilan o‘tashi, tizim obro‘yiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan holatlar va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish choralarini ko‘rishi, xizmat intizomiga qat’iy rioya qilishi zarurligini ta’kidladi.

Shu kuni dual ta’lim asosida kadrlar tayyorlash sifatini oshirishga qaratilgan muhim vazifalar belgilab olindi.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech