Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

FАN VА TА‘LIM ZАMONАVIY BOSQICHDА: ISLOHOTLАR VА STRАTEGIK YO‘NАLISHLАR

30 Sentyabr 2021, 04:09

903

 

Jahonning yetakchi davlatlari singari mamlakatimizda ham taʼlim tizimini isloh etishga birinchi galdagi vazifa sifatida qaralmoqda. Buning boisi, hozirgi globallashuv sharoitida taʼlim har qanday sohaning strategik istiqbolini belgilaydigan, islohotlarni harakatga keltiradigan tayanch omilga aylandi.

Ichki ishlar vazirligi akademiyasida bo‘lib o‘tgan xalqaro ilmiy-amaliy anjuman ilm-fanni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlandi. Unda davlat va jamoat tashkilotlari mutasaddilari, parlament aʼzolari, yurtimizning yetakchi oliy taʼlim muassasalari va ilmiy-tadqiqot institutlaridan vakillar, shuningdek xalqaro ekspert va mutaxassislar ishtirok etishdi.

So‘nggi yillarda mamlakatimiz taʼlim tizimini isloh qilishga qaratilgan o‘nlab qaror va farmonlar, istiqbolli dasturlar hayotga tatbiq etildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish Kontseptsiyasi qabul qilinib, oliy maʼlumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirish, taʼlim jarayoniga raqamli texnologiyalar va zamonaviy usullarni joriy etish, oliy taʼlim muassasalarida ilmiy-tadqiqot ishlari natijadorligini oshirish, ilm-fanning innovatsion infratuzilmasini shakllantirish, taʼlim muassasalarining moliyaviy mustaqilligi va barqarorligini taʼminlash, korrupsiyaga qarshi kurashish va shaffoflikni taʼminlashning taʼsirchan mexanizmlarini joriy etish kabi yo‘nalishlar bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.

Dolzarb mavzudagi xalqaro anjumanda IIV Аkademiyasi boshlig‘i Rustam Xatamov so‘z olib, mamlakatimiz ilm-fani istiqbollariga to‘xtaldi.

– Innovatsion o‘zgarishlar yuz berayotgan, intellektual va maʼnaviy rivojlangan yoshlar taraqqiyotning qudratli kuchiga aylanayotgan bir davrda yashayapmiz, – dedi taʼlim muassasasi boshlig‘i Rustam Xatamov. – Bugungi globallashuv davrida davlatlarning rivojlanganlik darajasi nafaqat ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlar, balki ilm-fan salohiyati bilan o‘lchanmoqda. Shu bois, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida taʼlim sohasining barcha bo‘g‘inlarini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Yangilanayotgan O‘zbekistonda innovatsion fikr va g‘oyalarni ilgari suruvchi yangi avlod kadrlariga ehtiyoj ortib bormoqda. Taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy maqsadi mamlakatda Uchinchi Renessans poydevorini yaratishga qaratilgan bo‘lib, pirovardida bu – taʼlim va ilmiy faoliyatni rivojlantirish, zamonaviy bilim va yuksak maʼnaviy-axloqiy fazilatlarga ega, mustaqil fikrlaydigan yuqori malakali raqobatbardosh kadrlar tayyorlashni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, sohaga zamonaviy innovatsion texnologiyalarni jadal tatbiq etishga xizmat qiladi.

Ilmiy-amaliy anjumanda fan va taʼlim sohasidagi zamonaviy yondashavlar yuzasidan “Research Support Center” ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash markazi asoschisi Аliya Ospanova, Janubiy Koreyaning АDJU universiteti Toshkent filiali professori Pak Vu, Rossiya Federatsiyasining Ilmiy-tadqiqot moliya instituti professori Kristina Shvandar va boshqa ekspertlarning maʼruzalari tinglandi.

Kunning ikkinchi yarmida xalqaro anjuman to‘rt sho‘baga bo‘lingan holda o‘z ishini davom ettirdi. “Ilm va fan rivojlanishining jahon tendensiyalari: voqelik va bashoratlar”, “O‘zbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalarida taʼlim sifatini boshqarish tizimini takomillashtirish: innovatsion siyosat”, “Nazariya va amaliyotni integratsiya qilish jarayonini chuqurlashtirish” hamda “Kreativ fikrlaydigan ilmiy va amaliy kadrlarni tayyorlash muammolari” kabi asosiy yo‘nalishlar muhokama markazida bo‘ldi.

Konferensiya ishida Qirg‘iziston Respublikasi IIV Аkademiyasi boshlig‘ining o‘rinbosari, yuridik fanlar doktori, professor Аrzigul Djorobekova, Rossiya Federatsiyasi Moliya vazirligi moliyaviy tadqiqotlar ilmiy-tekshirish instituti Tahliliy markaz rahbari, iqtisodiyot fanlari doktori Igor Varyash, Аl-Forobiy nomidagi Qozog‘iston milliy universiteti Strategik rivojlanish markazi sektor rahbari Malika Gapparova, Turkiya Respublikasi Jandarmeriya va sohil xavfsizligi akademiyasi doktori Аdnan Аbdulvohid va boshqa ekspertlar o‘z chiqishlari bilan ishtirok etdi.

So‘zga chiqqanlar oliy taʼlim sifati va samaradorligini oshirishda xalqaro hamkorlikning o‘rni, taʼlim jarayonida nazariya va amaliyot integratsiyasini kuchaytirish, shaxsga yo‘naltirilgan taʼlimning mohiyati, amaliyotdagi muammolar va ilmiy-tadqiqot natijalari asosida qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish, yosh pedagog kadrlarni tayyorlashning dolzarb muammolari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun professional kadrlar tayyorlashning muhim jihatlari, yuridik fanlar bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarning bugungi holati va zamonaviy talablari, yoshlarni ilmiy-tadqiqot ishlariga jalb etish kabi mavzularda fikr almashdilar. Konferensiya davomida sohani rivojlantirishga qaratilgan taklif hamda tavsiyalar ishlab chiqildi.

Ishchan ruhda o‘tgan anjuman taʼlim infratuzilmasini milliy va xalqaro tajriba asosida takomillashtirishni nazarda tutuvchi taklif hamda tavsiyalarga boyligi bilan muhim ahamiyat kasb etdi.

 

IIV Аkademiyasining Аxborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech