Mahallalar islohotlar markaziga, xalqimizning og‘irini yengil, muammolarini hal qiladigan yaqin ko‘makchiga aylanib bormoqda. Shu bois, har bir mahallada xavfsiz muhit yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
IIV akademiyasi rahbari Rustam Xatamov 29-30-oktyabr kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasida bo‘lib, ta’lim muassasasiga biriktirilgan “Jeke terek”, “G‘arezsizlik”, “Xalqlar doslig‘i”, “Gene qala”, “Janabazar” mahallalarida jinoyatchilikni jilovlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Manzilli o‘rganishlar chog‘ida davlatimiz rahbarining joriy yil 3-yanvardagi PQ-1 son hamda 18-avgustdagi PQ-253-son qarorlarida belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosi mas’ul rahbarlar, “mahalla yettiligi” vakillari hamda akademiya professor-o‘qituvchilari ishtirokida atroflicha muhokama qilindi. Huquqbuzarliklarning asl omillarini aniqlash, ularni bartaraf etish, kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish yuzasidan aniq vazifalar belgilab olindi.
Aytish joizki, akademiya ishchi guruhi tomonidan respublikamizning boshqa hududlari qatori, mazkur mahallalarda ham tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Professor-o‘qituvchilarning ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalari asosida sentyabr–oktyabr oylari davomida 50 ta “jinoyat o‘chog‘i” aniqlandi, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish maqsadida hududlarga 85 ta tashvish tugmasi, 344 ta zamonaviy kamera o‘rnatildi, shuningdek 144 ta obyekt texnik qo‘riqlovga olinib, 10 ta “xavfsiz ko‘cha” hamda 28 ta “xavfsiz uy” tashkil qilindi.
Akademiya boshlig‘i mahallalarda ko‘p sodir etilayotgan jinoyatlar, kriminogen vaziyatga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan omillarga alohida e’tibor qaratdi. Yangi tizim asosida natijadorlikni ta’minlash muhimligini ta’kidlab, har bir “jinoyat o‘chog‘i” bo‘yicha manzilli ishlash, ijtimoiy profilaktikani samarali tashkil etish, aholi, ayniqsa yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikka murosasizlik immunitetini shakllantirish, ijtimoiy muammolarni hal etishda “mahalla yettiligi” a’zolarining faolligini oshirish yuzasidan tavsiyalar berdi.
Bundan tashqari, mas’ullarga ilg‘or yondashuvlarni amaliyotga joriy qilish, “ilmiy xulosa – tavsiya – natija” tamoyili asosida mahallalarni jinoyatdan xoli hududga aylantirish, “yo‘l xarita”lar ijrosini o‘z vaqtida, sifatli ta’minlash, jinoyatchilikni jilovlashga shaxsiy javobgarlik hissi bilan yondashish kerakligi aytildi.
Nukus safari davomida Ichki ishlar vazirligi akademik litseyi hamda “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyida olib borilayotgan ta’lim jarayonlari ham o‘rganildi. Uchrashuvlar chog‘ida yoshlarni kasbga yo‘naltirish bo‘yicha dolzarb talablar yetkazilib, o‘quvchilarning bilim salohiyati, ma’naviy dunyoqarashi, jismoniy tayyorgarligi, vatanparvarlik ruhini yuksaltirish muhim ahamiyat kasb etayotgani qayd etildi. IIV akademiyasi faoliyatiga oid videorolik namoyish qilinib, faol va tashabbuskor o‘quvchilarga tashakkurnomalar berildi.
Shu bilan birga, akademiya boshlig‘i ichki ishlar organlari xodimlari kuni munosabati bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligida o‘tkazilgan bayram tadbirida ham qatnashdi. Vazirlik rahbariyati, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va hamkor tashkilotlar vakillari ishtirokida o‘tgan tadbirda Rustam Xatamov so‘zga chiqib, muhtaram Prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar samarasida ichki ishlar organlari xalqchil tuzilma sifatida shakllanib, tizim faoliyatida ijobiy o‘zgarishlar ro‘y berayotgani, soha uchun kadrlar tayyorlash jarayonlari tubdan yangi bosqichga olib chiqilganini alohida ta’kidlab o‘tdi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati