Rossiya Federatsiyasining turdosh oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan o‘zbekiston yoshlar bir hafta davomida IIV akademiyasida bo‘lishdi.
Ta’lim muassasasida ular uchun dolzarb mavzularga bag‘ishlangan mashg‘ulotlar, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, motivatsion uchrashuvlar tashkil qilindi. Muhimi, o‘quv yig‘ini davomida yoshlarning siyosiy ongi, ma’naviy dunyoqarashi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga, mamlakatimiz hayotida ro‘y berayotgan yangilanishlarga bo‘lgan daxldorlik hissini oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Shu bilan birga, yurtimiz yoshlari akademiya faoliyati bilan yaqindan tanishib, ta’lim jarayoniga tatbiq qilingan yondashuvlar, ichki ishlar organlari uchun kadrlar tayyorlash borasida milliy va xalqaro tajribaning o‘ziga xos jihatlari xususida fikr almashdilar. Ichki ishlar organlari tarixi muzeyiga sayohat tizimning shonli o‘tmishi va rivojlanish bosqichlari haqida qiziqarli ma’lumotlar, qimmatli eksponatlar bilan tanishish imkonini berdi.
Bir so‘z bilan aytganda, vatanparvarlik tarbiyasini kuchaytirish maqsadida tashkil qilingan o‘quv yig‘ini yozgi ta’tilni mazmunli va foydali o‘tkazishga xizmat qildi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati