Poytaxtimizda jamoat xavfsizligini ta’minlash va jinoyatchilikning barvaqt oldini olish borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ichki ishlar vazirligi akademiyasi boshlig‘i Rustam Xatamov Bektemir tumanida bo‘lib, “Nurafshon” mahallasining kriminogen vaziyati bilan tanishdi.
Ma’lumki, mahallada bezorilik bilan bog‘liq holatlar ko‘p qayd etilgan. Bunga asosan fuqarolar o‘rtasida kelib chiqqan o‘zaro kelishmovchilik va maishiy nizolar sabab bo‘lgan. Jinoyatlarning aksariyati bozorlar, savdo majmualari, avtoturargohlar va aholi gavjum boshqa joylarda sodir qilingan.
Shu kuni ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasida mas’ul rahbarlar va ishchi guruh vakillari ishtirokida umumiy kriminogen vaziyat muhokama qilindi. Hududlarda sodir etilayotgan huquqbuzarliklar, xususan, bezorilik jinoyatlarining sabablari va ularga imkon yaratayotgan shart-sharoitlar tahlil qilindi.
Akademiya boshlig‘i mahallalarda profilaktik tadbirlar qamrovini oshirish, “jinoyat o‘choq”lari va boshqa hududlarni kameralashtirish orqali kriminogen vaziyatga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan omillarni barvaqt aniqlash va oldini olish kerakligini ta’kidladi.
Shundan so‘ng ta’lim muassasasi vakillari “Qo‘yliq” dehqon bozori va “Compas” savdo majmuasi faoliyati bilan tanishdi. Ushbu maskanlar aholi bilan doimiy gavjumligi bois, jamoat xavfsizligini ta’minlashda kuch va vositalarni samarali taqsimlash, ichki ishlar, milliy gvardiya va boshqa tuzilmalar hamkorligini kuchaytirish, videokuzatuv kameralari imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish zarurligi qayd etildi.
Bundan tashqari, fuqarolarning huquqiy mas’uliyatini oshirish, obyektlarni texnik qo‘riqlovga olishni kengaytirish, huquqbuzarlik sodir etishga moyil yoshlar bilan manzilli ishlash yuzasidan topshiriqlar berildi.
O‘rganishlar yakunida tuman mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish borasida ishlab chiqilgan chora-tadbirlar bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati